Maxsus texnikalar topshirildi
Xorazm viloyati sanitar tozalash korxonalariga chiqindi tashuvchi maxsus zamonaviy texnikalar topshirildi
Maishiy chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish tizimini yanada takomillashtirish, sanitariya jihatdan tozalash tizimi infratuzilmasini rivojlantirish, sanitar tozalash korxonalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash maqsadida Xorazm viloyatiga qo‘shimcha chiqindi tashuvchi maxsus transportlar ajratilib, xizmat ko‘rsatish sifati yanada oshirilmoqda. Shu o‘rinda, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Osiyo taraqqiyot banki ishtirokida qabul qilingan “Qattiq maishiy chiqindilarni barqaror boshqarish” loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 748-sonli qaroriga muvofiq loyiha doirasida Sanitar tozalash ishlarini tashkil etish respublika markazi tomonidan Xorazm viloyatiga 6 ta chiqindi tashuvchi zamonaviy maxsus texnikalar olib kelinishi taʼminlandi.
Ushbu texnikalar Qo‘shko‘pir, Gurlan va Yangibozor tumanlarining jami 130 ta mahallasida chiqindilarni olib chiqib ketish qamrovini oshirish va hudud aholisiga sifatli xizmat ko‘rsatish maqsadida “Xorazm gaz payvandchilar” MChJ PBKga lizing asosida topshirildi.
Maʼlumot o‘rnida: Viloyatda mavjud jami 531 mahalla aholisiga “Toza hudud” DUK, “Urganch Аvto Eko Trans” MChJ, “Xorazm gazpayvandchi” MChJ hamda “Eko klaster” MChJ tomonidan sanitar tozalash xizmatlari ko‘rsatib kelinmoqda.