Yangi tahrirdagi Mehnat kodeksiga doir trening o‘tkazilmoqda
Tabiat resurslari vazirligi, vazirlik huzuridagi O‘rmon xo‘jaligi agentligi, Gidrometeorologiya xizmati agentligi hamda vazirlikning hududiy bo‘linmalari xodimlari yangi mehnat kodeksini o‘rganishga bag‘ishlangan o‘quv mashg‘ulotida ishtirok etmoqda.
Adliya vazirligi Yuristlar malakasini oshirish markazi tomonidan tashkil etilgan o‘quv mashg‘uloti 2023-yil 1-maydan kuchga kirgan yangi tahrirdagi Mehnat kodeksiga asosan xodimlarning mehnat munosabatlarini tartibga solish, kasbiy sifatlarini rivojlantirish hamda mehnat huquqlarini himoya qilish masalalariga bag'ishlangan.
Ta'kidlash joizki, mashg‘ulotlar davomida ishtirokchilar uchun yangi mehnat kodeksining qabul qilish zarurati va alohida jihatlari, xodimlarning mehnat huquqlarini ta’minlashda kasaba uyushmalarining ishtiroki, mehnat shartnomasiga oid yangi mexanizmlar va ularning ahamiyati kabi mavzularda seminar-treninglar o‘tkazish ko‘zda tutilgan.
Shuningdek, seminar ishtirokchilariga ish vaqti, ishdagi tanaffuslar, mehnatga haq to‘lash, mehnatni normallashtirish masalalari, mehnat intizomi, xizmat tekshiruvi, kafolatli va kompensatsiya to‘lovlarini amalga oshirish, taraflarning moddiy javobgarligi, mehnat nizolarini ko‘rib chiqish va boshqa jabhalardagi yangiliklar haqida ma'lumot beriladi.
O‘quv mashg‘uloti 6-maygacha o‘tkaziladi. Mashg‘ulotlar yakunida ishtirokchilarga sertifikat beriladi.